Veb-sayt sinov versiyasida ishlamoqda
logo

"Toshkent Issiqlik Elektr Stansiyasi" AJ

O‘zbekiston o‘z energetik resurslari hisobidan ehtiyojlarini to‘liq ta’minlovchi mamlakatlar qatoriga kiradi. Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimidagi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining salmoqli hissasi mamlakatimizga tegishlidir.

Energetikani bejiz iqtisodiyotning qon tomiri deyishmaydi. Unga ishlab chiqarish “motori”, degan ta’riflar ham mos keladi. Negaki, sanoat korxonalaridagi ulkan agregatlardan tortib, tibbiy tashxis qo‘yish uskunalarigacha bari elektr energiyasisiz oddiy temir-tersakka aylanib qoladi.

Stansiya Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimida ham salmoqli o‘rin egallaydi. Qibraylik nurchilar zimmalaridagi sharafli vazifa ortidan xonadonlarni nurga chulg‘ab, minglab korxonalarning bir maromda ishlashiga intilmoqda.

1961 yil... Poytaxtimizdan to‘rt kilometr shimolroqda loyiha quvvati 1860 megavattga ega bo‘lgan kondensatsiyali issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Oradan ikki yil o‘tib, ana shu stansiyaning dastlabki bloki foydalanishga topshirildi. Bu sanaga ham salkam oltmish yil bo‘ldi. Korxonadagi so‘nggi — 12-blok qurilishi 1974 yili tugallangan bo‘lsa, shu sanadan Toshkent IES to‘la quvvatda ishlay boshladi.

DJI_0163.jpg

ASOSIY AFZALLIGI — TEJAMKORLIK

To‘g‘ri, vaqt o‘tishi bilan korxonadagi asosiy qurilmalar o‘zining park resursini sarflab bo‘ldi. Shu bois, bir necha yil burun xorijlik hamkorlar yordamida ularni yangilariga almashtirish ishlari boshlandi. Buning uchun AQShning “JE” kompaniyasi zarur qurilmalarni yetkazib berdi. Slovakiyaning “Sinekta” kompaniyasi esa qurilish ishlarini amalga oshirdi.

2017 yil 4 dekabrda korxonada yirik loyiha — 370 megavatt bo‘lgan bug‘-gaz energobloki ishga tushirildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shaxsan o‘zlari ramziy tugmani bosib, qurilmaning ishlashiga start bergan edilar. Bugungi kunda u yuqori quvvatda, samarali ishlab kelmoqda.

Mazkur blok yoqilg‘ini nisbatan kam sarflashi bilan ajralib turadi. Masalan, ilgari 1 kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 370 gramm shartli yoqilg‘i talab qilingan bo‘lsa, endilikda bu maqsad uchun 223 gramm yoqilg‘i sarflanadi. Bu, nafaqat, iqtisodiy jihatdan, balki ekologik tarafdan ham foydalidir.

Yangi bug‘-gaz qurilmasining foydalanishga topshirilishi bilan qo‘shimcha ravishda yiliga 2,6 milliard kilovatt soat elektr, 110 ming gegakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Zamonaviy qurilma 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sarf qiladigan shartli yoqilg‘ining miqdori 223 g/kilovatt soatni tashkil qilsa, amaldagi energiya bloklarida bu ko‘rsatkich salkam ikki baravar ko‘p. Buning natijasida yiliga 350,9 million kubometr tabiiy gaz tejaladi.

Ayni vaqtda stansiyada ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 97 foizini elektr energiyasi, qolganini issiqlik quvvati tashkil etadi. Bu atrofimizdagi o‘nlab korxona va tashkilotlar, Toshkent IES qo‘rg‘onidagi ko‘p qavatli uylar, issiqxonalar biz yetkazib berayotgan issiqlikdan bahramand bo‘lyapti, degani.

DJI_0137.jpg

FAQAT RAQAMLAR “GAPIRADI”...

Bugungi kunda an’anaviy elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsentini oshirish yo‘llarini izlash butun dunyo texnologlari e’tiboridagi dolzarb masalalardan biri. Bug‘-gaz qurilmalari ushbu muammoning zamonaviy yechimi hisoblanadi.

Issiqlik elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsienti odatda 40 foizni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichni yurtimiz sharoitida 57 foizga yetkazish istiqboldagi vazifalarimizdan biridir. Bu borada tadbiq etilayotgan barcha loyihalarda ushbu jihatga eng ustuvor talablardan biri sifatida qaralayotgani boisi ham shundan.

Korxonada raqamlashtirish boshlanganini “Toshkent IES” AJ nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tayotganingizdayoq payqashingiz mumkin. Hududga kirish vaqtini maqbullashtirish maqsadida Italiyaning arkli metall detektorlari o‘rnatilgan, avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi esa magnit o‘tish orqali hududga kirish va chiqish vaqtini qayd etadi. Tekshirish punktining yalpi raqamlashtirilishi stansiya ishchilarining to‘xtamasdan, o‘z vaqtida o‘tishi hamda zarur xavfsizlik va tibbiy nazoratini ta’minlaydi.

Korxonada raqamlashtirish ko‘rsatkichi tobora kengayib boryapti. Ayni paytda “Servis-Kommunikatsiya Sistemaiari” MChJ mutaxassislari barcha energiya bloklari, sexlari va bo‘limlarni birlashtirib, korxonaning butun hududini qamrab oladigan mahalliy hisoblash tizimini modernizatsiya qilish loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu tizim inson omilini kamaytiradi, endi faqat raqamlar “gapiradi”.

Shunday sharoitda yirik loyihalar investitsiya majburiyatlari bilan barobar olib borilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Hozir korxonadagi barcha energobloklar bir maromda va to‘liq quvvat bilan ishlab turibti. Ularning yangilariga almashtirilishi korxona ish quvvatini yanada oshiradi. Zamonaviy loyihalar tejamkor texnologiyalardan foydalanish ko‘rsatkichlarining ortishiga ham zamin yaratadi. Zero, aholi va iqtisodiyot ehtiyojini to‘la ta’minlaydigan barqaror elektr quvvatlari bugun ham, erta va indin ham birday zarur.

30.jpg

Toshkent IES AJ Toshkent shahri va Toshkent viloyatini Elektr Energiyasi bilan taminlaydigan yirik Elektr stansiya

UZB map
150 mVt quvvatga ega 5 ta energoblok ishga tushirildi. 1963-yil
155 mVt quvvatga ega 6-sonli energoblok ishga tushirildi. 1967-yil
165 mVt quvvatga ega 2 ta energoblok ishga tushirildi. 1967 yil
150 mVt quvvatga ega 9-sonli energoblok ishga tushirildi. 1969-yil
165 mVt quvvatga ega 10-sonli energoblok ishga tushirildi. 1970-yil
155 mVt quvvatga ega 11-sonli energoblok ishga tushirildi. 1970-yil
155 mVt quvvatga ega 12-sonli energoblok ishga tushirildi. 1971-yil
370 mVt Bug' gaz qurilmasi ishga tushirildi. 2018-yil